Qur'oni karim inson umrining tavallud bosqichidan tortib, to poyoniga qadar kelib chiqadigan barcha ehtiyojlariga javob beruvchi, mavjud muammolarning adolatli va mufassal hal qilinishiga yo‘l ko‘rsatuvchi, har zamon va har makonda dasturul amal bo‘lguvchi yagona ilohiy kitobdir. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan ato etilgan mo‘'jizalarning eng buyugi bo‘lishi bilan birga, uni o‘qib, uqib, unga amal qilganlarni ikki dunyo saodatiga yetaklovchi manbadir. Unda halol bilan harom, haq bilan nohaq ochiq-ravshan bayon etilib, Alloh taolo marhamat qilganidek:
Boshqa oyatlarda Alloh taolo:
“Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun xushxabar bo‘lgan kitob — Qur'onni nozil qildik” («Nahl», 89) deb xabar bergan.
Allohning borligi va birligiga, uning farishtalariga, muqaddas kitoblariga, Payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, taqdirga, ya'ni yaxshilik va yomonlik Allohdan ekaniga va o‘limdan keyin qayta tirilmoqqa iymon keltirgan har bir inson hayot tarzini Qur'on oyatlariga mos holda olib boradi. O‘qigan oyatlarini kundalik hayotiga tatbiq etishga harakat qiladi. Uyg‘onganidan to yana qayta uyquga ketgunicha qilayotgan har bir ishini Qur'on axloqiga moslab o‘ylashga va bajarishga g‘ayrat qiladi. Mo’min hayotining har bir jabhasida bu mukammal axloqning afzalligi haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
Afsuski, ba'zi insonlar Alloh taolo Qur'onda amr etgan ibodatlar faqat namoz, ro‘za, zakot, haj deb tushunadilar. Qilinishi lozim bo‘lgan farz ibodatlarni bajarib, kunining qolgan qismida dunyoviy ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Bu bilan Islom dini ertayu kech namoz o‘qishni targ‘ib qiladi, dunyoviy ishlar bilan shug‘ullanishni man' etadi degan noto‘g‘ri tushunchaga bormaslik kerak. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:
Ushbu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni o‘rta ummat qilganini e'lon qilmoqda. “O‘rta” deb tarjima qilingan so‘z xayrli, afzal, markaz, adolatli degan bir qancha ma'nolarni anglatadi. Shu orqali bu ummatning har bir ishda o‘rtacha yo‘l tutishi, diniy e'tiqod va tasavvur, dunyoqarash va insoniy munosabat, yurish-turish, tafakkur, zamon va makon, oila va hokazolarda har doim mo'tadil, adolatli bo‘lishi, ba'zi ummatlarga o‘xshab faqat ruhiy tomonga, yoki ba'zilarga o‘xshab faqat moddiy tomonga og‘ib ketmasligi uqtirilgan.
Islom ummati makon jihatdan o‘rta ummat hisoblanishiga sabab - uning qiblasi, boshqacha aytganda diniy markazi ham quruqlikning qoq o‘rtasida, yer kurrasining eng muqaddas va muborak joyida joylashgan. Barcha Payg‘ambarlarning otasi, xalilurrahmon Ibrohim alayhissalom Allohning amri ila bino qilgan Ka'baning musulmon ummati uchun qibla qilinishi bu ummatga ulkan sharafdir!
Islom ummati zamon jihatdan ham o‘rta ummat hisoblanadi. Boisi — insoniyat unib-o‘sib, bolalik, o‘smirlik va yoshlik davrlarini boshidan o‘tkazgandan so‘ng, voyaga yetganda Islom yuborilgan.
Islom dini inson hayotini diniy va dunyoviy hayotga ajratmaydi. Alloh bizlarga, O‘zining oxirgi Payg‘ambari, habibi Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlariga yashash ne'matining har daqiqasini ibodat bilan o‘tkazish imkoniyatini bergan. Dinimizda Alloh roziligi uchun halol kasb qilish farz ibodat darajasiga ko‘tarilgani, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga ergashish niyatida oilaviy hayot qurib, uni ibodatga aylantirish mumkinligi ko‘pchilikka ma'lum. Bilmaganlar shuni doimo esda tutishlari lozimki, Alloh roziligi uchun qilingan har bir harakat, hatto Uning roziligi uchun birodarini ochiq chehra bilan kutib olish yoki biror hayvonga Alloh roziligini topish maqsadida suv berish yoxud toat uchun quvvat bo‘lishi niyatida o‘zi bergan ne'matdan, takror aytamiz, Alloh o‘zi marhamat qilib bergan ne'matidan iste'mol qilish ham ibodatdir. Bu din naqadar oson, naqadar xushxabar beruvchi din. Har bir amal Alloh roziligi uchun qilinsa, u ibodat darajasiga ko‘tarilishi bizlar uchun berilgan eng ulug‘ ne'matlardan biridir. Bunda niyatning ham ahamiyati juda katta. Masalan, g‘iybat yoki hasad qilish illatini olaylik. Uni tark yetgan inson bu yomon amallarning zararidan forig‘ bo‘ladi, lekin savob olmaydi. Ammo shu va shunga o‘xshash yomon odatlarni Alloh roziligi uchun tark etsa, ham ular oqibatida kelib chiqadigan yomonliklarning oldi olinadi, ham yana ajru savoblarga sazovor bo‘ladi. Alloh taolo bizni maxluqotning eng xayrlisi, Muhammad sollallohu alayhi vasallamdek bir zotga ummat qilganining o‘zi buyuk bir baxt. Baxt ustiga yana bir baxt — bizlar o‘z niyatimiz va amalimiz bilan uyqumizni ham ibodatga aylantirishimiz mumkin. Bunga misol qilib ushbu ma'nodagi hadisni olishimiz mumkin: kishi xufton namozini o‘qib, tahoratli holda yotsa, ertalab turib bomdod namozini o‘qisa u kechasi bilan ibodat qilganning savobiga erishadi. Bizlar, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlari shunchalar baxtiyormizki, Alloh roziligini ko‘zlab, oddiy hayotimizni ham ibodatga aylantira olamiz. Parvardigori olam O‘zining kitobida:
“Jin va insonni faqat Menga ibodat qilish uchungina yaratdim” deb lutf qilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, biz hali hech bir harakat qilmay, oddiy niyatimiz bilan ham Alloh taoloning ushbu oyatiga amal qilgan va Qur'on axloqiga moslashib yashash uchun eng ulkan va muhim odimlardan birini qo‘ygan bo‘lamiz. O‘z hayot tarzini Qur'on axloqiga moslab qurgan mo’minlar boshqalarga nisbatan tinch, osuda hayot kechiradilar. Bu — mo’minlarning muammosi bo‘lmaydi yoki ular musibatga uchramaydilar, degani emas. Alloh taolo insonni ulug‘lab, uni O‘zining yerdagi xalifasi qilish bilan birga, uni sinash va imtihon etishni ham iroda qilgan. Mo’minlar, Alloh o‘z hikmati bilan musibatga uchratguvchilarning avvalgilari bo‘ladilar. Lekin ularning boshqalardan afzal, shu bilan birga muhim tomonlari Parvardigori roziligini topish maqsadida Uning taqdiriga, hukmiga tobe' bo‘lib, uning O‘zigagina tavakkul qilib yashashlaridir. Ular kambag‘al yoki kasal bo‘lib qolishdan qo‘rqmaydilar.
Ko‘ngilsizlik, musibat, turli xil dunyoviy tashvishlar ularning irodasini sindira olmaydi. Qanday hodisaga duch kelishlaridan qat'i nazar, bunda Allohning hikmati borligini bilganlari bois, o‘zlarini Alloh xushnud bo‘ladigan tarzda tutadilar. Ko‘chada ketayotganda, ovqatlanayotganda, suhbatlashayotganda, oldi-sotdi qilayotganda, televizor ko‘rayotganda, hatto, hordiq chiqarayotganda ham ularni Qur'on axloqiga amal qilish mas'uliyati tark etmaydi. Hayotning barcha sohasi — oilaviy sharoit, bozor, ishxona, choyxona yoki boshqa jamoat muassasalari kishilarning imtihon joylaridir. Shuning uchun mo’minlar bajarishlari lozim bo‘lgan ishlarni Qur'on hukmlari doirasida amalga oshiradilar. Dunyo hayoti oxirat saodatiga erishish vositasi ekanligini chuqur anglab yetadilar. Bunday baxtiyor bandalarga Alloh quyidagicha xushxabar bergan:
Qur'on axloqini o‘zining hayotiga tatbiq etgan mo’minlar insoniyatning guli, odamlarning eng baxtiyorlaridirlar. Ularning oddiy kundalik xatti-harakatlari, voqealarga bo‘lgan munosabatlari, muammolarining yechimi boshqalarnikidan tubdan farq qiladi. Alloh taolo ilmli, insofli, idrokli odamlar uchun har qadamda mo‘'jizalarni bayon qilib qo‘ygan, O‘z marhamati bilan ularga boshqalarga nisbatan ko‘proq aql-zakovat, tafakkur qilish, chuqur fikrlash qobiliyatini ato etgan. Ular hayotga, unda bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘zgacha nazar bilan qaraydilar. Alloh dunyodagi jamiki narsalarni insonga hadya etgan ekan, inson ham o‘z navbatida o‘sha ne'matlarni bergan Zotga shukr qilib yashamog‘i lozim.
Ushbu kitob muallifi mo’minlarning yigirma to‘rt soat davomida, sharoit qanday bo‘lishidan qat'i nazar, Qur'onda bayon qilingan go‘zal xulqqa eng mukammal tarzda amal qilishlari zarurligini bildirgan. Maqsad — Qur'on axloqi bilan hidoyat topgan insonlarning baxtiyorligi, xotirjamligini namuna qilib ko‘rsatish, boshqalarni ham ana shu haq yo‘lga da'vat etishdir. Dunyoning turli tashvishlarini yengish, oxiratda abadiy saodatga erishishning yagona yo‘li Qur'onga amal qilishdir. Mo’minlar Qur'onga amal qilishda Robbimiz “Va, albatta, sen ulkan xulq ustidasan”, deb vasf etgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ibrat oladilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqlari Qur'on edi. Alloh bandalariga komil insonlik martabasini uning mol-davlatiga qarab emas, balki Qur'onga amal qilishiga qarab beradi. Bu orqali Alloh bandalarini jahannamga eltuvchi barcha yomonliklardan saqlab, ostidan anhorlar oqib turadigan abadiy jannatga doxil etadi va uning cheksiz ne'matlariga erishtiradi. Odamlar orasida yuz beradigan tushunmovchilik, ziddiyatlar, adolatsizlik kabi muammolarning yechimi ham Qur'on bilan xulqlanish orqali barham topadi.
Alloh nazdida foniy dunyoning qadri pashsha qanotichalik bo‘lmagani bois, kofirlar xotirjamlikda yashaydilar. Kibru havo, dabdabayu tantana bilan yurt kezadilar. Xammaga o‘zlarini ko‘z-ko‘z qiladilar. Bu holat mo’minlarni xafa qilib, “nimaga bunday bo‘ladi” degan savolni ko‘ngilga solib, adashtirib qo‘yishi mumkin. Bunday fikrlash iymoni zaiflarga xos qusurdir. Haqiqiy mo’min kofirlardagi ozgina matoh — dunyoning vaqtinchalik hayot ekanligini, g‘am-tashvishsiz, rohat-farog‘atga faqatgina jannatda yetishish mumkunligini, jannatga esa dunyo hayotida Qur'onga amal qilish orqaligina erishish mumkinligini yaxshi biladilar, chunki iymon keltirgan mo’minning qalbi Allohning izmida bo‘ladi va u qalb osoyishtaligiga erishadi.